Raqamli nazorat qurilmalari kartochkalarini berish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 22-dekabrdagi “Avtomobilda xalqaro yuk tashiydigan avtotransport vositalariga raqamli nazorat qurilmalarini joriy etish to‘g‘risida” gi 340-son qaroriga asosan, Yevropa bitimi talablariga muvofiq avtomobilda xalqaro tashishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini nazorat qilishga mo‘ljallangan raqamli nazorat qurilmalarida foydalanish uchun mo‘ljallangan kartochkalarni berish va ulardan foydalanish tartibi belgilangan.

Haydovchi kartochkasi

Haydovchi kartochkasi haydovchini identifikatsiya qilish, uni raqamli nazorat qurilmasi o‘rnatilgan avtotransport vositasini boshqarishida mehnat va dam olish rejimlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni saqlashda foydalaniladi. Haydovchi kartochkasidagi maʼlumotlar har 28 kunda avtotransport vositasining egasi tomonidan ko‘chirib olinadi. Kartochkadan ko‘chirib olingan maʼlumotlar bir yil davomida saqlanadi. Bu maʼlumotlar nazorat qiluvchi organlarga taqdim etishga tayyor holda bo‘lishi shart.

Haydovchi “C”, “D”, “E” toifadagi avtotransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi shart. Ruxsat etilgan maksimal og‘irligi 7,5 tonnadan oshmaydigan avtotransport vositalarini (tirkama va yarim tirkamalar bilan birga) boshqarish uchun — 18 yosh; boshqa avtotransport vositalarini boshqarish uchun — 21 yosh. Yo‘lovchilar tashish bilan band bo‘lgan haydovchining minimal yoshi — 21 yosh. Bunda, haydovchi ruxsat etilgan maksimal og‘irligi 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan avtotransport vositasini boshqarish bo‘yicha kamida 3 yillik haydovchilik stajiga ega bo‘lishi shart.

Haydovchi kartochkasini olishga talabgor haydovchi ariza bergan vaqtda boshqa amaldagi kartochkaga ega bo‘lmasligi shart. Haydovchi kartochkasining amal qilish muddati 5 yil. Haydovchi kartochkasini olish uchun haydovchi arizani vakolatli organga topshiradi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

1. Haydovchining fotosurati;

2. Fuqarolik pasporti nusxasi;

3. Haydovchilik guvohnomasi nusxasi;

4. Kartochka tayyorlash uchun to‘langan to‘lov to‘g‘risidagi hujjat.

Haydovchi kartochkasi ariza topshirilgan kundan boshlab 30 kun ichida arizachiga beriladi. Har bir haydovchiga faqat bir dona haydovchi kartochkasi beriladi. Haydovchi kartochkani boshqa shaxslarga berilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart. Quyidagi hollarda yangi haydovchi kartochkasi beriladi:

- kartochkaning amal qilish muddati tugaganda;

- kartochka nosoz holatga kelganda, yo‘qolganda yoki o‘g‘irlanganda;

- kartochkaga kiritilgan maʼlumotlar o‘zgarsa (haydovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, vakolatli organning nomi, haydovchilik guvohnomasining tartib raqami, haydovchining pochta manzili).

Vakolatli organ haydovchi kartochkasini quyidagi hollarda bekor qilishi mumkin:

- Kartochka haydovchidan boshqa shaxslar tomonidan foydalanilganligi aniqlansa;

- Kartochka soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda.

Vakolatli organ haydovchi kartochkasini bekor qilishni Raqamli nazorat qurilmalari kartochkalari reyestridan chiqarish yo‘li bilan amalga oshiradi.

Tashkilot kartochkasi

Tashkilot kartochkasi avtotransport vositasining egasi tomonidan haydovchining mehnat va dam olish vaqtlarini hisobga olishda foydalaniladi. Tashkilot kartochkasi raqamli nazorat qurilmasiga maʼlumotlarni kiritish, ko‘rish, qog‘oz lentaga bosib chiqarish, maʼlumotlarni uchinchi shaxslar tomonidan ko‘chirib olinishidan saqlash maqsadida blokirovka qilish hamda raqamli nazorat qurilmasidagi maʼlumotlarni ko‘chirib olish uchun blokirovka holatidan chiqarishda foydalaniladi. Tashkilot kartochkasi yuk yoki yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanayotgan yuridik shaxsga yoki yakka tartibdagi tadbirkorga beriladi. Tashkilot kartochkasining amal qilish muddati cheklanmagan. Tashkilot kartochkasini olish uchun arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

1. Yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;

2. Yuridik shaxs rahbari yoki yakka tartibdagi tadbirkorning fuqarolik pasportining nusxasi;

3. Kartochka tayyorlash uchun to‘langan to‘lov to‘g‘risidagi hujjat.

Tashkilot kartochkasi ariza topshirilgan kundan boshlab 30 kun ichida arizachiga beriladi. Quyidagi hollarda yangi tashkilot kartochkasi beriladi:

- Kartochka nosoz holatga kelganda, yo‘qolganda yoki o‘g‘irlanganda;

- Kartochkaga kiritilgan maʼlumotlar o‘zgarsa (yuridik shaxsning nomi, yuridik shaxs rahbari yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ismi, familiyasi, otasining ismi, vakolatli organning nomi, yuridik shaxsning yoki yakka tartibdagi tadbirkorning pochta manzili).

Vakolatli organ tashkilot kartochkasini quyidagi hollarda bekor qilishi mumkin:

- Kartochkadan kartochka egasidan boshqa shaxslar tomonidan foydalanilganligi aniqlansa;

- Kartochka soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda.

Vakolatli organ tashkilot kartochkasini bekor qilishni Raqamli nazorat qurilmalari kartochkalari reyestridan chiqarish yo‘li bilan amalga oshiradi.

Ustaxona kartochkasi

Ustaxona kartochkasi raqamli nazorat qurilmasini o‘rnatish, qiyoslash, texnik xizmat ko‘rsatish, taʼmirlash, tamg‘alash yoki raqamli nazorat qurilmasidagi maʼlumotlarni ko‘chirib olishda foydalaniladi. Ustaxona kartochkasi raqamli nazorat qurilmalarini o‘rnatish, qiyoslash, texnik xizmat ko‘rsatish, taʼmirlash va tamg‘alash bo‘yicha faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslarga beriladi. Ustaxona kartochkasining amal qilish muddati 1 yil. Ustaxona kartochkasini olish uchun arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

1. Yuridik shaxsga nazorat qurilmalarini (taxograflarni) taʼmirlash va ularga xizmat ko‘rsatish huquqini beruvchi akkreditatsiya attestatining nusxasi;

2. Yuridik shaxsning joylashgan yeri (pochta manzili);

3. Yuridik shaxs rahbarining fuqarolik pasporti nusxasi;

4. Kartochka tayyorlash uchun to‘langan to‘lov to‘g‘risidagi hujjat.

Ustaxona kartochkasi ariza topshirilgan kundan boshlab 30 kun ichida arizachiga beriladi. Ustaxona kartochkasi berilganda, u bilan birga kartochkaning identifikatsion raqami (PIN-kod) beriladi. PIN-kod konvertda maxsus himoya qatlami bilan qoplangan holatda beriladi. Quyidagi hollarda yangi ustaxona kartochkasi beriladi:

- Kartochkaning amal qilish muddati tugaganda;

- Kartochka nosoz holatga kelganda, yo‘qolganda yoki o‘g‘irlanganda;

- Kartochkaga kiritilgan maʼlumotlar o‘zgarsa (yuridik shaxsning nomi, yuridik shaxs rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi, vakolatli organning nomi, yuridik shaxsning joylashgan yeri (pochta manzili).

Vakolatli organ tashkilot kartochkasini quyidagi hollarda bekor qilishi mumkin:

- Kartochkadan kartochka egasidan boshqa shaxslar tomonidan foydalanilganligi aniqlansa;

- Kartochka soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda.

Vakolatli organ tashkilot kartochkasini bekor qilishni Raqamli nazorat qurilmalari kartochkalari reyestridan chiqarish yo‘li bilan amalga oshiradi.

Nazoratchi kartochkasi

Nazoratchi kartochkasi nazorat qiluvchi organlar tomonidan haydovchilarning avtotransport vositasini boshqarish va dam olish rejimlarini nazorat qilishda foydalaniladi. Nazoratchi kartochkasining amal qilish muddati cheklanmagan. Qonunchilik hujjatlariga ko‘ra haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini nazorat qiluvchi organning murojaati asosida nazoratchiga nazoratchi kartochkasi beriladi. Nazoratchi kartochkasini olish uchun nazoratchi quyidagilarni taqdim etadi:

1. nazoratchining guvohnomasi nusxasi;

2. nazoratchining fotosurati;

3. kartochka tayyorlash uchun to‘langan to‘lov to‘g‘risidagi hujjat.

Nazoratchi kartochkasi ariza topshirilgan kundan boshlab 30 kun ichida arizachiga beriladi. Quyidagi hollarda yangi nazoratchi kartochkasi beriladi:

- kartochka nosoz holatga kelganda, yo‘qolganda yoki o‘g‘irlanganda;

- kartochkaga kiritilgan maʼlumotlar o‘zgarsa (nazorat qiluvchi organning nomi, nazoratchining ismi, familiyasi, otasining ismi, vakolatli organning nomi).

Vakolatli organ nazoratchi kartochkasini quyidagi hollarda bekor qilishi mumkin:

- Kartochkadan kartochka egasidan boshqa shaxslar tomonidan foydalanilganligi aniqlansa;

- Kartochka soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda.

Nazoratchi kartochkasini bekor qilish vakolatli organ uni Raqamli nazorat qurilmalari kartochkalari reyestridan chiqarish yo‘li bilan amalga oshiradi.

Foydali havolalar
O'zbekiston Respublikasi ochiq ma'lumotlar portali
O'zbekiston Respublikasi davlat dasturlari portali
Ўзбекистон Республикаси Ҳукумат портали
ONE ID - sizning yagona kalitingiz!
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali
Олий Мажлис Конунчилик палатаси
Ўзбекистон Республикаси Президентининг расмий веб-сайти
Qonun hujjatlarining tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholash tizimi
Taraqqiyot strategiyasi markazi
Ўзбекистон Республикаси Бош прокуратураси
Электрон онлайн-аукционларни ташкил этиш маркази